“Mutolaa” mobil ilovasini yanada ommalashtirish
Men ilovani yanayam ommalashtirish uchun quyidagi yangi funksiyalar va ularning afzalliklari haqida qosqacha taklif bermoqchiman. Ushbu yangilanishlar “Mutolaa” ilovasi kitobxonlar orasida ommalashishi va ularni uzoq muddatli foydalanuvchi sifatida saqlab qolishga ham xizmat qiladi. 1. Har oyda bitta kitob tanlash va marafon tashkil etish, yakunida muallif bilan onlayn suhbat o‘tkazish. Natijada: -Muallif bilan onlayn suhbat orqali kitobxonlar o‘z savollariga javob olib, asarni yaxshiroq tushunish imkoniga ega bo‘ladi. - Marafonlar va muallif bilan suhbat haqidagi e’lonlar ilovani ommalashtiradi. 2. Asardagi asosiy qahramonlarni sun’iy intellekt yordamida gavdalantirish. Natijada: - O‘quvchilar asar qahramonlarini tasavvur qilishda o‘ziga xos tasavvurga ega bo‘lishadi, bu esa o‘qish jarayonini yanada qiziqarli qiladi. - Qahramonlarning qiyofasi o‘quvchilarni asar voqealariga chuqurroq kirib borishga undaydi. 3. “Mening iqtiboslarim” bo‘limi. Natijada: - Foydalanuvchilar o‘zlariga yoqqan qismi yoki iborasini saqlash imkoniga ega bo‘ladi. - Kitobxonlar saqlangan iqtiboslarini do‘stlari bilan ulashib, ilovaga yangi foydalanuvchilarni jalb qilishi mumkin. - O‘qilgan kitobning asosiy g‘oyalari foydalanuvchining profilida saqlanadi, bu esa ma’lumotni qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beradi. 4. Tug‘ilgan kunda 3 kunlik premium sovg‘a qilish. Natijada: - Sodiqlikni oshiradi. Foydalanuvchilar o‘z tug‘ilgan kunlarida qadr-qimmatlarini his qiladi. - Sovg‘a qilingan 3 kunlik premium imkoniyat orqali foydalanuvchilar pullik xizmatlarning afzalliklarini his qiladi. - Tug‘ilgan kun bonuslari haqida xabar tarqalgach, ko‘pchilik bu imkoniyatdan foydalanish uchun ilovani yuklab oladi. - Tug‘ilgan kunda premiumni yoqtirgan foydalanuvchilar uni sotib olish ehtimoli yuqori bo’ladi. 5. Eng yaxshi izohlar uchun ball berish. Natijada: - Kitobxonlarning faolligini oshiradi: Foydalanuvchilar yuqori ball olish uchun kitoblar haqidagi izohlarini yaxshiroq ifodalashga harakat qilishadi. - Foydalanuvchilar o‘z fikrlarini aniq va lo‘nda bayon qilishni o‘rganadi. - Ilovani ijtimoiy platforma qiladi: Foydalanuvchilar izohlarini baham ko‘rib, do‘stlari va oilasi orasida ilovaga qiziqish uyg‘otadi.