O‘zbekiston yoshlarini kitobxon yoshlarga, kitobxon millatga aylantirish
Mening taklifim – yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni faol targ‘ib qilish. Nafaqat yoshlar o‘rtasida, balki butun O‘zbekiston aholisini kitobxon va kitobsevar millatga aylantirish.
Bilamizki, jadidlarimiz jadidchilik davrida faol kutubxonalar ochib, xalqning ziyoli qismini ko‘paytirishga va xalqni fikrlashga undashgan.
Hozirgi kunda kutubxonalar mavjud: maktab kutubxonalari, davlat kutubxonalari va ba’zi xalq kutubxonalari. Ammo ular cheklangan miqdordagi odamlarga xizmat ko‘rsatadi.
Men shu tizimni butun O‘zbekiston bo‘ylab cheklanmagan va cheklanmaydigan kutubxonalar manbaini yaratishni taklif qilaman.
U qanday amalga oshiriladi?
Masalan, men bilganlarim (ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rganlarim) shundan iboratki, rivojlangan davlatlar – Germaniya, Kanada, AQSh kabi mamlakatlarda maxsus kichik kutubxonalar tashkil etilgan. Ularga hukumat va xalq birdek yordam beradi. Masalan, hukumat kichik bir kutubxonacha o‘rnatib bersa, xalq uni kitoblar bilan to‘ldiradi.
Xuddi shu tizimni O‘zbekistondagi qishloqlarda, shaharlarda va butun respublika hududida amalga oshirish kerak. Birinchi bosqichda 10 yoki 20 ta qishloq va shaharda sinov tariqasida boshlash mumkin. Ishonamanki, xalq bu kutubxonalarni 100% qo‘llab-quvvatlaydi. Bu shunchaki taklifim emas, bu mening orzum, balki men kabi yuzlab yoshlarning orzusi deb o‘ylayman.
Mahallalarda kutubxonalar ochilsin va ularga faol yoshlar biriktirilsin. Xo‘jako‘rsinga emas, chin dildan kitobga mehr qo‘ygan, vatanini sevgan yoshlar biriktirilsin. Shunday tizim yaratilsinki, har bir mahalla aholisi o‘z mahallasida ochilgan kutubxonaga kitob xayriya qilish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Pul mablag‘lari orqali kutubxonani boyitishga yordam bersin. Mahalla aholisi mehnati va sa’y-harakati bilan ochilgan kutubxona hech qachon xor bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda “Qora suyaklar” kitobidan iqtibos keltiraman:
To qo‘limizda kitob borligidan qisinib-qimtinib, uyalib yurarkanmiz,
to kitob varaqlab o‘tirgan joyimizdan to‘rt kishi turib ketaverarkan,
to “kino”yu “klip”larimizda kitob qo‘ltiqlab, ko‘zoynak taqqanlar - “lox”, “botanik” sifatida ko‘rsatilarkan,
to kitob do‘konlarimizda kitobdan bexabarlar sotuvchilik qilarkan,
to oligarxlar - “alloma” sanalarkan,
to xo‘jako‘rsinga kitobxonlik “targ‘ibot”lari olib borilar ekan… bugungi jamiyatimizda kitob mutolaasining ahvoli
o‘nglanmaydi,
o‘nglanmaydi,
o‘nglanmaydi!
Izoxlar (0)
Izox qoldirish uchun tizimga kiring yoki ro'yxatdan o'ting to!