O'z huquqlarimizni bolish - mustahkam jamiyat poydevori
Bilamizki, 2023-yil 30-aprelda bo'lib o'tgan referendum asosida Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Unda juda ko'p huquqlarimiz, erkinliklarimiz hamda burchlarimiz belgilab qo'yilgani hammamizga ma'lum. Lekin, afsuski ushbu qonun qabul qilingani barcha umumiy o'rta, o'rta maxsus ta'lim tashkilotlarida o'quvchilarga ma'lum qilingan bo'lsada, ayrim emas, juda ko'p o'quvchilar Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo'yilgan normalar haqida to'liq bilim yoki ma'lumotga ega deb ayta olmaymiz. To'g'ri, maktab dasturlarida aynan shunga oid darsliklarimiz bor va albatta malakali o'qituvchilarimiz tomonidan yosh avlodga o'rgatilib kelinadi. Ushbu qonunimiz haqida balki yetarlicha bilimga ega bo'layotgan yoshlarimiz bo'lishi mumkin, lekin qonunimiz nazariy jihatdan emas, amaliy jihatdan ham o'rganilsa maqsadga muvofiq bo'lar edi deb o'ylayman. Avvalo normani tushunish uchun uni hayotiy vaziyatlarda qo'llash, kun davomida qaysidir huquqlarimizdan foydalanyotganimiz yoki majburiyatlarimizni bajarayotganimizga e'tibor berish va ularni anglash kerak. Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yosh avlod ongida hozirdan shakllantirib borish va yuksaltirish - mustahkam jamiyat poydevori deb hisoblayman. Hozirgi kunda hayotimiz davomida, hatto Konstitutsiyada belgilab qo'yilgan huquqlarini, majburiyatlarini bilmaydigan katta yoshdagi insonlarni ham uchratishimiz mumkin. Afsuski bu hodisalar natijasida juda ko'p huquqbuzarliklar va tushunmovchiliklar ham kelib chiqmoqda. Ushbu vaziyatlarning barchasi huquq va majburiyatlarini bilmaslik oqibatida yuzaga kelmoqda. Ushbu hodisalarni oldini olish maqsadida kelajak avlod uchun Konstitutsiyani amalda o'rgatish g'oyasini ilgari surmoqchiman. Maktablarda va boshqa ta'lim muassasalarda huquq va erkinliklarimiz, burchlarimizni amalda o'rganish va Konstitutsiyani shunchaki norma yoki qonun sifatida emas, balki erkin va farovon hayot garovi, huquqlarimiz manbayi deb qaralishi uchun, o'rganilishi uchun loyiha va dasturlar ishlab chiqarilishi haqida taklif bildirmoqchiman. Xabarimiz bor ijtimoiy tarmoqlarda "Huquq bilimdoni" va shunga o'xshash loyihalar tashkil qilingan. Har kim ham Konstitutsiyaning qaysidir normasini yod olgani bo'yicha aytib berishi mumkin, lekin uni tushinish, anglash har kimning ham qo'lidan kelavermaydi. Davlatimiz qanchadan qancha huquqlarimizni ushbu qonun orqali mustahkamlab qo'ygan, ulardan foydalanib, huquqiy ongimizni rivojlantirish esa o'z qo'limizdadir. Har kunlik hayotimiz davomida juda ko'p konstitutsiyaviy munosabatlarga duch kelamiz, masalan, ta'lim olamiz, har kuni yangi bir ma'lumot bilan tanishamiz, ya'ni axborotga ega bo'lamiz,turli xil ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy huquqlarimizdan foydalanamiz. 18 yoshga to'lganda esa siyosiy huquqimiz sanalmish saylovda qatnashish huquqiga ega bo'lamiz. Bularning hammasi Konstitutsiyaviy normalarning amaldagi ifodasidir. O'quvchilarning mana shunday vaziyatlar orqali o'z huquqlaridan erkin foydalana olish va Konstitutsiyaga rioya qilish ruhida tarbiyalash, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirib borish yurtimizda farovon jamiyat rivojlanishi uchun turtki bo'ladi deb o'ylayman. Bundan tashqari, ushbu loyihalar huquq va majburiyatlarini bilmaslik oqibatida yuzaga keladigan qonunbuzarlikni oldini olishga o'z hissasini qo'shadi, chunki jamiyatda har bir inson o'z huquqlarini bilishi - insonparvar, demokratik, erkin va farovon hayot poydevoridir.